O'zbek va rus tillari kafedrasi

O'zbek va rus tillari kafedrasi

       O'zbek va rus tillari kafedrasi 1993-yilda tashkil topgan. JIDU tashkil etilishida belgilangan eng asosiy vazifalardan biri tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta’limi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro soha mutaxassislari davlat tilini mukammal bilishlari qatorida rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarda erkin-emin so`zlasha olish ko`nikmalariga ega bo`lishlari talab qilindi.  

       Shu maqsadda “Xalqaro munosabatlar”, “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro huquq”, “Xalqaro iqtisodiyot  va menejment” 1 va 2-kurs bakalavriat    ta’lim yo`nalishlarida tahsil olayotgan o`zbek tili – ona tili bo`lgan talabalarni ilg`or xorijiy universitetlarning tajribalariga asoslangan holda rus tiliga mukammal o`rgatish rusiyzabon talabalarda davlat tili - o`zbek tilida erkin muloqot, og`zaki va yozma nutq ko`nikmalarini shakllantirish bilan bir qatorda nutq madaniyati va notiqlik san’ati bo`yicha bilim berish ko`zda tutildi.   Davlat tili maqomiga ega bo`lgan o`zbek tilini  va xalqaro til bo`lgan rus tilini o`qitishda  davr talablariga to`liq  javob beradigan darajada tilni har tomonlama mukammal egallagan, og`zaki va yozma nutqiy ko`nikmalarga ega mutaxassislarni yetkazish  muhim vazifa qilib belgilandi.

    KAFEDRANING ISH USLUBI:

       Kafedra 30 yil davomida kadrlarni tayyorlashda til o`qitish jarayonining zamonaviy tashkiliy shakllarini joriy etish borasida o`z konsepsiyasini yaratdi. Kafedraning kadrlarni tayyorlashda til o`qitish jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish borasida o`z konsepsiyasi mavjud.   Ushbu konsepsiya o`zbek va rus tillarini ikkinchi til sifatida 2 bosqichda  o`rgatishning eng samarali yo`llarini o`quv jarayoniga tatbiq etishning quyidagi mexanizmini o`z ichiga oladi:
    I bosqich:
    - badiiy  asar mutolaasi  asosida ikkinchi til sifatida o’zbek va rus tillarini o`qitish   muhim ahamiyat kasb etadi, bir tomondan u o`quvchilarni mamlakat, xalq hayoti va madaniyati bilan tanishtirish, ikkinchi tomondan esa, leksik va grammatik bilimlarni boyitish vazifasini bajarib, nutqning barcha uslublarini rivojlantirishga yordam beradi;
    II bosqich:
    - ikkinchi bosqich sifatida “Mutaxassisning ilmiy va rasmiy nutq asoslari” kursi dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur talabaning o`zbek va rus  tili uslubiyati, хususan, rasmiy hamda ilmiy vazifaviy uslublari bo`yicha bilim va ko`nikmalarini rivojlantirishni ko`zda tutadi. Unda mazkur uslublarning o`ziga хosliklari, turlari hamda janrlari haqida   zarur ma’lumotlar keltirilgan. Dastur talabalarning kelgusidagi ilmiy-ijodiy ishlari uchun muhim bo`lgan yozish teхnikasini egallash, uslub talablaridan хabardor bo`lish, rasmiy hamda ilmiy mavzularda yozma, og`zaki savodхonliklarini oshirishda amaliy  ko`maklashadi.

    KAFEDRANING ILMIY TADQIQOT YO‘NALISHI:

       “Xalqaro soha mutaxassislarini tayyorlashda o`zbek va rus tillarini o`qitishning nazariy va amaliy masalalari”  
    Kafedrada zamonaviy talablardan kelib chiqib, o`zbek va rus tillari fanlari bilan bir qatorda,  yangi fanlar dasturlari ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan,
    •   “Muloqot ko`nikmalari”, “Навыки общения”
    •   “Mutaxassisning ilmiy va rasmiy til asoslari”, "Основы научной и деловой речи специалиста-международника"  
    •  “Xizmat (tijorat) yozishmalari”, "Коммерческая корреспонденция"   
    •  “Jahon adabiyoti”
    •  “Nutq madaniyati va notiqlik san’ati”

    KAFEDRA FAOLIYATI DAVOMIDA YARATILGAN ZAMONAVIY DARSLIK VA QO`LLANMALAR:

       Kafedra faoliyati davomida 40 dan ortiq darslik va o`quv qo`llanmalari yaratilgan. Hozirgi kunda ulardan ta’lim jarayonida keng qo`llanib kelinmoqda. Kafedra a’zolari nafaqat oliy ta’lim, balki maktab va litseylar uchun yaratilgan darsliklar muallifidir.  Kafedrada rus va o`zbek tili fanlari bo`yicha patentga ega bo`lgan zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan O`quv uslubiy majmualar mavjud.

       Kafedra a’zolari tomonidan yozilgan darslik va o`quv qo`llanmalariga O`zbekiston Respublikasi OO`MTV tomonidan “o`quv adabiyotining nashr ruxsatnomasi” berilgan. Kafedra professor-o`qituvchilari muallifligidagi “Amaliy uslubiyat”, “Diplomatik til asoslari”, “Notiqlik va uning lisoniy-uslubiy vositalari”, “Jahon adabiyoti”,  “O‘zbek tili (leksika va uslubiyat)” “O‘zbek tili”, “O‘zbek tili (xorijliklar uchun)”, “Русский язык”, “Учимся говорить по-русски”, “Русский язык для будущих юристов”, “Богатство лексики русского языка”, “Учебное пособие по русскому языку для студентов направления “Мировая экономика и международные экономические отношения”, “Русский язык. Культура речи”, “Keling, o‘zbek tilini o‘rganamiz”, “Фразеология русского языка”, Русский язык: Экспериментальный учебник для учащихся 10-11 классов школ с русским языком обучения., Русский язык: Учебное пособие для учащихся русских групп академических лицеев., «Русский язык для юристов» kabi darslik va o`quv qo`llanmalari ta’lim jarayonida keng qo`llanilmoqda.

    KAFEDRADA FAOLIYAT OLIB BORAYOTGAN TO`GARAKLAR

       Kafedra qoshida “Adabiyotsevarlar”,  “Yosh ijodkorlar”  va “Rus tilida muloqot klubi” to`garaklari faoliyat yuritib keladi. Talabalar “Adabiyotsevarlar” to`garagi mashg`ulotlari davomida so`z san’atining o`ziga xosliklaridan chuqurroq xabardor bo`lish, jahon va o`zbek adabiyotidagi jarayonlar, mashhur asarlar bilan tanishish, ular yuzasidan qizg`in bahs-munozaralarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`ladilar.

       “Yosh ijodkorlar” to‘garagi ishi faoliyati  davomida  iqtidorli talabalarga zarur maslahatlar berilib, maqolalar tahririga ko‘maklashib, mahorat darslari tashkil qilinadi.  “Rus tilida muloqot klubi” mashg`ulotlarida talabalar rus tilida erkin so`zlashishga o`rganadilar. Mashg`ulotlar kommunikasiya ko`nikmalarini shakllantirishga yo`naltirilgan. Mazkur to`garak rus tilidan asos bilimlarga ega bo`lganlarga mo`ljallangan. Metodning mohiyati mavjud bilimlarni takomillashtirish, yangi ko`nikmalarga ega bo`lish hamda tabiiy va erkin so`zlasha olishga o`rgatishdan iborat.

    HAMKORLIK:

       Kafedra xorijliklarga til o`qitish metodikasi bo`yicha katta tajribaga ega. Kafedrada xorijliklarga o`zbek va rus tilini o`rgatish bo`yicha qisqa va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqilgan. Xorijliklar uchun bir qator zamonaviy o`quv qo`lllanmalari yaratilgan. Jumladan, xorij mutaxassislari bilan hammualliflikda o`zbek tilini o`qitish bo`yicha qo`llanmalar yozilgan. Ko`p yillar davomida KOICA (Janubiy Koreya), JICA (Yaponiya) tashkilotlari, Vaseda (Yaponiya),   Xankuk, Ajou (Janubiy Koreya) kabi universitetlar bilan aloqalar yo`lga qo`yilgan bo`lib, maxsus dasturlar asosida o`zbek va rus tillari o`qitib kelinmoqda.