Diplomatik akademiya
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2022-yil 23-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qaroriga muvofiq 2022-yilning sentyabr oyidan boshlab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida Diplomatik akademiya o‘z faoliyatini boshladi.
Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, Diplomatik akademiyaning tashkiliy-huquqiy hujjatlari qisqa muddatlarda ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Jumladan, Akademiyaning shtat jadvali, o‘quv rejalari va ta'lim dasturlari, talabalarning tayyorgarlik darajasini baholash tizimi ishlab chiqilib, Ilmiy kengash tarkibi shakllantirildi.
2022-yil 1-noyabrda bo‘lib o‘tgan Diplomatik akademiyaning ochilish marosimida davlat organlari vakillari va qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Diplomatik akademiyaning ta'lim jarayoniga xalqaro munosabatlar sohasida chuqur nazariy bilim va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb etildi. Akademiya ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. 2023-2024 yillardagi natijalar Akademiya faoliyatida sezilarli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatdi.
Ta’lim faoliyati:
2023-yilda Akademiya davlat tashkilotlari xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini o‘tkazdi. Asosiy mavzular qatorida raqamli diplomatiya va sun'iy intellekt kurslari kiritilib, ularni AQShning Nyu-Meksiko universiteti professori Gregori Glison o‘qidi.
2024-yilda Akademiya 21 ta malaka oshirish kursini tashkil qildi, shu jumladan, 13 ta kurs O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimlari va ularning oila a'zolari uchun o‘tkazildi. Bundan tashqari ushbu kurslarda Mudofaa vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va boshqa bir qator tashkilotlar vakillari tahsil oldi.
Magistraturaning 2023-2024 o‘quv yilidagi “Diplomatik va konsullik xizmati”, “Iqtisodiy diplomatiya” dasturlariga 13 nafar talaba qabul qilindi, 2024-2025-o‘quv yilida esa 16 nafar talaba qabul qilindi. O‘quv jarayoni Hindiston, Germaniya, Estoniya va AQSh diplomatlari ishtiroki bilan boyitildi. Bundan tashqari, Akademiya 2025-yildan boshlab Hindistonning “MERI Group of Institutions” bilan hamkorlikda xalqaro menejment va biznes bo‘yicha magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
Ilmiy tadqiqot faoliyati:
Akademiya o‘zbek-hind munosabatlarining tarixi va rivojlanishiga bag‘ishlangan qo‘shma nashrni tayyorlashni boshladi.
Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi xalqaro jarayonlarni o‘rganishga qaratilgan seminarlar va tadqiqotlar o‘tkazildi.
2024-yilda Akademiya bir necha muhim nashrlar, jumladan “Diplomatik faoliyat: tahliliy ish” va “Xalqaro huquq” kabi qator muhim o‘quv qo‘llanmalarni chop ettirdi. “Izohli diplomatik lug‘at” loyihasi ustidagi ish davom ettirildi. Prezident ma'muriyati uchun dolzarb xalqaro muammolar, jumladan, Afg‘oniston va Eron bo‘yicha tahliliy hujjatlar tayyorlandi.
Xalqaro hamkorlik:
Akademiya Saudiya Arabistoni, Turkiya, Italiya, Janubiy Koreya va Bangladesh kabi yetakchi davlatlar diplomatik akademiyalari bilan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi 9 ta memorandumni imzoladi.
Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar diplomatik muassasalari rahbarlarining tashriflari tashkil etildi.
Markaziy Osiyoda suv huquqiga bag‘ishlangan seminar hamda "O‘zbekiston va Hindiston: hamkorlik istiqbollari" kitobi taqdimoti kabi tadbirlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar doirasida o‘qitish metodikasi va qo‘shma ta'lim loyihalari masalalari muhokama qilindi.
Hindistonning Markaziy Osiyo jamg‘armasi (ICAF) bilan hamkorlikda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ikki davlat o‘rtasidagi akademik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga oid ma'ruzalar tinglandi.
Akademiya Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Turkiya, Estoniya kabi o‘ndan ortiq davlatning diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikni mustahkamladi. Qo‘shma seminarlar o‘tkazildi, o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi, xalqaro tadbirlar tashkil etildi. Toshkent va Nyu-Dehlida “O‘zbekiston va Hindiston: o‘zaro hamkorlik istiqbollari” kitobining taqdimoti, shuningdek, Markaziy Osiyodagi suv resurslari huquqiga bag‘ishlangan xalqaro seminar yilning muhim voqealaridan bo‘ldi.