Inkubatsiya va akseleratsiya markazi
2022-yilning 17-may kuni talabalar o‘rtasida IT-loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda universitet rektori S.Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov, IT-park direktori F.Ibragimov, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul vakillari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xodimlari, OAV vakillari, JIDU oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Rektor S.Safoyev o‘z nutqida: “Raqamli texnologiyalarning faol rivojlanishi bugungi kunda butun dunyoda asosiy tendensiya bo‘lib turibdi. Ko‘proq mamlakatlar ushbu o‘zgarishlarning ahamiyatini tushunib, ushbu sohaga alohida e’tibor qaratmoqda: ular davlat, ijtimoiy, ta’lim va boshqa jarayonlarni har tomonlama raqamlashtirishga qaratilgan milliy raqamli rivojlanish strategiyalarini qabul qilmoqda. “Raqamli diplomatiya” atamasi o‘zini mustahkam o‘rnatgan xalqaro munosabatlar sohasida ham jadal rivojlanish kuzatilmoqda. O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu keng ko‘lamli dasturiy hujjat iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini raqamli o‘zgartirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini o‘z ichiga oladi”, deya ta’kidlab o‘tdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Huawei Technologies bilan birgalikda yagona IT ekotizimini – Smart Universitetni yaratish konsepsiyasini amalga oshirishga kirishdi, uning ajralmas qismi bugun ochilayotgan inkubatsiya va akseleratsiya markazi hisoblanadi. U iqtidorli talabalar g‘oyasini namoyon qilish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan va start-up loyihalarni yaratish uchun rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Markazning uzoq muddatli maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
- yuqori innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish;
- innovatsion yo‘nalishdagi kichik biznesni rivojlantirish, talabalar uchun loyiha faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash;
- talabalar va tajribali mutaxassislar o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatish;
- yangi ish o‘rinlarini yaratish.
Universitet hududidagi markaz uchun jihozlangan auditoriyalar ajratilgan, ular orasida interfaol darslar uchun 60 kishilik auditoriya, muzokaralar xonasi mavjud bo‘lib, undan g‘oyalar “aqliy shturmi” uchun ham foydalanish mumkin.