OIV – dolzarb muammo
OIV – dolzarb muammo
Bugungi kunda insoniyat o‘z turmush tarzi davomida turli xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Mana shunday xavf-xatarlar orasida shunday bilinmas, ko‘zga ko‘rinmaslari ham borki, ammo ularning keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar anchayin jiddiy hamda e’tiborga molikdir. Barchaga ma’lumki, turli kasallik va viruslarning inson hayotiga ta’siri haqida ogohlikni oshirish XXI asr oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir. Har yili 1-dekabr sanasida “OITSga qarshi butunjahon kurash kuni” nishonlashi o‘ziga xos ma’no kasb etadi. Zero, hozirgi davrda OIV/OITS kasalligining xavfi har qachongidan ham yuqori va u bilan kurash butun dunyo hamjamiyati uchun bosh vazifadir.
Dastlab, bu kasallik o‘tgan asrning o‘rtalarida Afrika hududlarida paydo bo‘lgani taxmin qilinadi. Birinchi marta 1981-yilda AQSh kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi tomonidan OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) kasalligi aniqlangan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga hisobot topshirilgan. Kasallik aniqlanganidan bugungi kungacha, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 68-113 million insonga ushbu kasallik bo‘yicha tashxis qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 41 million nafari kasallik tufayli erta vafot etgan. UNAIDS (BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil yakuni bo‘yicha dunyoda jami 39 million inson bu kasallikdan aziyat chekmoqda hamda birgina o‘tgan yilning o‘zida 1,3 million yangi bemorlar aniqlangan bo‘lsa, o‘lim holati qayd etilganlar soni 630 ming kishini tashkil etgan.
OIV (odam immuniteti tanqisligi virusi) surunkali yuqumli kasallik bo‘lib, inson organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. U organizmni tashqi xavfli ta’sirlardan himoya qiluvchi tizim ─ immun tizimini yemiradi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, virus organizmga tushgan dastlabki davrda hech qanay noxush alomatlar sezilmaydi, immun tizimi viruslarning tajovuzini bostirib turadi. Odam virusni yuqtirib olganidan boshlab 3 oydan 10-12 yilgacha o‘zi kasal ekanini sezmay yurishi mumkin. Bu davrda organizmda OIV viruslari bilan kasallangan hujayralar soni sog‘lom hujayralarga qaraganda oshib boradi, natijada OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) kelib chiqadi. Bu surunkali tarzda kechuvchi tizimli xastalik. Organizmning viruslar bilan qoplanishi natijasida immun tizimi o‘z vazifasini bajara olmaydi, natijada inson har qanday tashqi ta’sirga sezuvchan bo‘ladi, oddiy kasalliklarni ham og‘ir kechiradi. Organizmning kurashuvchanligi yo‘qolgani bois yondosh kasalliklar rivojlanib boraveradi. OITS sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal, qisqa vaqt ichida keskin ozib ketish, harorat sababsiz ko‘tarilishi, uzoq vaqt ich ketishi (diareya), og‘iz bo‘shlig‘i va turli a'zolar yallig‘lanishi, xavfli o‘smalar rivojlanishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
Kasallik ko‘pincha 20-49 yoshlilar o‘rtasida qayd etiladi. Bu xastalikning uzoq vaqt yashirin tarzda kechishi, natijada bemorning o‘zi bilmagan holda boshqalarga ham kasallikni yuqtirishi bilan bog‘liq. OIV infeksiyasi OIV bilan zararlangan shaxs bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda, giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali muolajalar olganda, shpris va ignalardan umumiy foydalanilganda, infeksiyani yuqtirib olgan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘ruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali yuqadi. Bugungi kunda ushbu kasallikdan tuzalishning iloji bo‘lmasa-da, Antiretrovirus terapiya (ART) orqali kasallik asoratlarini yumshatish, bevaqt o‘limning oldini olish mumkin. So‘nggi olib borilgan kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, doimiy terapiyada bo‘lgan bemorlar kasallik rivojlana boshlaganidan so‘ng ham 20 yilgacha umr ko‘rishi mumkin. Ammo yana bir achinarli statistikaga ko‘ra, ayni kunda butun dunyoda jami 9 million bemor terapiyaga muhtoj hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda respublikamizda 48 mingdan ortiq shaxsda OIV kasalligi tashxislangan. So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etmoqda. Respublikada OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlanmoqda. Buning natijasida 99,7 foiz bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda.
Har bir inson o‘zida shubhali holatlarni sezgan taqdirda ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tishlari mumkin. Buning uchun har bir viloyatdagi OITSga qarshi kurashish markazlari va tumanlararo OITSga tashxis qo‘yish laboratoriyalariga murojaat qilish lozim. “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan tekshiruvlar tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning xohishiga ko‘ra maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi davr talabini inobatga olgan holda, har doim ogoh bo‘lish, birinchi o‘rinda, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va har qanday shubhali holatda tegishli poliklinika va tibbiy yordam markazlariga murojaat qilgan holda kerakli ko‘rsatma va dori vositalarini qabul qilish har bir fuqaroning davlat va jamiyat oldida turgan burchidir.
Otabek Xolmurodov,
Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi