JIDUda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

JIDUda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

    JIDUda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

    JIDUda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 26-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashning dolzarb masalalari: bugungi holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Anjuman Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi hamda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Konferensiyaning maqsadi – Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konventsiyasi qabul qilinganligining 45 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, ayollar huquqlari va gender tengligini ta'minlashning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Maxkamova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade va boshqalar O‘zbekistonda keyingi yillarda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish masalasi yangicha ma’no va mazmun kasb etganini ta’kidladi.

    Anjumanda olimlar, amaliyotchi va ekspertlar vakillarining fikr-mulohazalari tinglanib, xotin-qizlar huquqlari va gender tengligini ta’minlash borasidagi ilmiy izlanishlarni amalga oshirish natijalari e’lon qilindi. Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish, aholi o‘rtasida gender qadriyatlarini targ‘ib qilish, ilg‘or xalqaro tajriba almashish, bu boradagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

    Ekspertlar ta’kidlaganidek, bugungi kunda mamlakatimizda gender asosidagi zo‘ravonlikni bartaraf etish, unga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash va tegishli tizimni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar boshlangan. Shu bilan birga, jamiyatda gender stereotiplari hanuzgacha keng tarqalgan bo‘lib, ularni bartaraf etish uchun hamkorlikdagi targ‘ibot tadbirlarining o‘rni muhimligi, tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tildi.

    Forum ishtirokchilari gender tengligi xalqaro hamjamiyat oldida turgan barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri ekanligini alohida taʼkidladilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil sentabr oyida Barqaror rivojlanish sammitida 70-sonli rezolyutsiyasida qabul qilingan beshinchi maqsad gender tengligiga erishish, barcha ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirishga bag‘ishlangan.

    Konferensiya yakunida gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilib, bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli vazifalar belgilab olindi.