Koreya Respublikasining sobiq Tashqi ishlar vaziri JIDUga tashrif buyurdi
Koreya Respublikasining sobiq Tashqi ishlar vaziri JIDUga tashrif buyurdi
Joriy yilning 26-noyabr kuni Koreya Respublikasining sobiq Tashqi ishlar vaziri Pak Chin Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.
Uning universitetdagi tashrifi JIDU rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan boshlandi, unda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha konstruktiv muloqot bo‘lib o‘tdi. Ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar kabi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash, ilm-fan va texnologiya sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Pak Chin talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun “Kelajak hamkorlik sari: Koreya-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish yo‘li” mavzusida ma’ruza qildi.
Oliy martabali diplomat o‘z nutqida Koreya-O‘zbekiston munosabatlarining ahamiyatiga to‘xtalib, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim kabi sohalardagi hamkorlik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosi ekanini ta’kidladi. U har ikki davlat, ayniqsa, global muammolar sharoitida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekanini aytib o‘tdi.
Ma’ruza davomida talabalarning savollariga javob berib, xalqaro munosabatlar kelajagini shakllantirishda yoshlarning ahamiyati va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda yangi avlodlarning rolini ta’kidladi.
Uchrashuv ochiq muloqot va manfaatdorlik muhitida o‘tgani ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurroq tushunishga xizmat qildi. Talabalar xalqaro siyosat va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkoniyati uchun mehmonga minnatdorlik bildirdilar.