JIDUda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, xalq shoiri Abdulla Oripovga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, xalq shoiri Abdulla Oripovga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 16-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan“Yurakni madh etgan sado!” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
JIDU mehmoni taniqli shoirning qizi Shoira Oripova bo‘lib, u otasi haqidagi xotiralari, uning hayot yo‘li, ijodiy izlanishlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuvda shoirning ijodiy merosi, o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan bebaho hissasi, ijodining zamonaviy jamiyat uchun ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
A.Oripov o‘z she’rlarida hamisha o‘z ona zaminiga, xalqiga chuqur muhabbat, uning qadimiy tarixi va madaniyatiga hurmat-ehtiromni yetkazishga intilgani alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining milliy o‘zlik, mustaqillik va birlik ramzi sifatidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Madhiya satrlarida mamlakat tarixining buyukligi, yangi marralar sari intilish aks etgan.
Tadbir so‘ngida Shoira Oripova universitet kutubxonasiga otasi qalamiga mansub she’rlar to‘plamini sovg‘a qildi.
Universitetning “Besh muhim tashabbus” va axborot resurslari markazlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.