JIDU va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
JIDU va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Joriy yilning 6-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi xodimlari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Xalqaro moliya va investitsiyalar”, “Xalqaro iqtisod”, “Xalqaro huquq va jamoat huquqi fanlari”, “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq” kafedralari vakillari, diplomatik missiya tomonidan elchixona xodimi Sherzod Xasanov ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. JIDU va Germaniya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni, xususan, Bremen universiteti va Aleksandr Fridrix universiteti bilan imzolangan Memorandum doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Germaniyada taniqli professor va universitet o‘qituvchilari ishtirokida qo‘shma seminarlar, konferensiyalar va mahorat saboqlarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Muhokama chog‘ida Germaniyada faoliyat yuritayotgan diplomatlar, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida muntazam ravishda hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-330-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikni amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ushbu tadbirning muhimligini ta’kidlab, JIDU va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bunday uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan, ta’lim va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Sana: | 07.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 482 |
Ulashish: |