JIDUga Hindistonning Mudofaa boshqaruvi kolleji delegatsiyasi tashrif buyurdi
JIDUga Hindistonning Mudofaa boshqaruvi kolleji delegatsiyasi tashrif buyurdi
Joriy yilning 16-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Hindistonning Mudofaa boshqaruvi kolleji (College of Defence Management, CDM) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida JIDU Diplomatik akademiyasi direktori Abdusamat Haydarov mehmonlarni kutib olib, faoliyati, diplomatik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishlari, asosiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi, shuningdek, hindistonlik hamkasblarni akademiya xodimlari bilan tanishtirdi. U xalqaro munosabatlar sohasidagi zamonaviy muammolarni hal qilishga qodir mutaxassislarni tayyorlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Hindiston Harbiy-dengiz kuchlarining yuqori martabali zobiti Kommodor Prashant Dattatreyya Shidxaye so‘zga chiqib, Mudofaa boshqaruvi kollejining xorijiy ta’lim va tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan strategik tashabbuslari haqida ma’lumot berdi. U o‘zbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlik mintaqaviy xavfsizlik sohasida ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi mudofaa ishlari bo‘yicha attashesi polkovnik Aatif Irfan Momin fikr almashish uchun yaratilgan imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Milliy mudofaa kolleji vakillari JIDUning ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlari yuqori sifatga ega ekanligini ta’kidlab, ayniqsa kadrlar malakasini oshirish va qo‘shma o‘quv kurslarini ishlab chiqish nuqtai nazaridan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga har ikki muassasaning intilishini ifodalovchi minnatdorchilik so‘zlari va esdalik sovg‘alari bilan almashdilar.