Navoiy va Bobur merosi – beqiyos ma’naviy xazinadir
Navoiy va Bobur merosi – beqiyos ma’naviy xazinadir
Joriy yilning 17-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Ulugʻ ajdodlarimizga ehtirom” nomli tadbir oʻtkazildi.
Mazkur tadbirni Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Yusufjonov Odil Abdugafurovich ochib berdi. Oʻz nutqida Navoiy va Bobur merosining ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu tadbirga Bobur Mirzoning oʻn uchinchi avlodi, muhandis Zaynitdin Movlonov hamda Shoira Oripova kabi hurmatli mehmonlar ham tashrif buyurishdi.
Tadbir Navoiy oʻgitlari badiiy kompozitsiyasi bilan boshlandi. JIDU “Ofarin” raqs guruhi, 1-bosqich talabalari ishtirokidagi sahna koʻrinishi va bahribayt kabi chiqishlar yigʻilganlar tomonidan iliq kutib olindi.
Bundan tashqari Xalqaro munosabatlar fakulteti 1-bosqich talabalari tomonidan “Navoiy — mohir diplomat” nomli taqdimot qilinib, Navoiyning diplomatik sohadagi faoliyati haqida atroflicha soʻz bordi.
Tadbir soʻnggida “Navoiy va Bobur ijodini bilamanmi?” mavzusida viktorina oʻtkazildi. Bundan tomoshabin talabalar ikki ulamolarimiz hayoti va ijodiga mansub bilimlarini yana bir karra sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Tadbir koʻtarinki ruhda yakunlandi.