Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “JIDU Shaxmat klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “JIDU Shaxmat klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 18-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi marotaba tashkil etilgan “JIDU Shaxmat klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektorlari Odil Yusufjonov, Ziyodulla Pulatxodjayev hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Ziyodulla Pulatxodjayev ochib berar ekan, Shaxmat sport turini bugungi kunda yosh diplomatlar orasida keng targ‘ib qilish va bu orqali talaba-yoshlarda mantiqiy fikrlash ko‘nikmasini yanada rivojlantirishni alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev universitet jamoasiga “JIDU Shaxmat klubi”ning tashkil etilganligi munosabati bilan onlayn tabrik yo‘llab, klub faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Rokirovka” turniriga start berildi. “JIDU Shaxmat klubi” ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan musobaqa “shvetsarcha” tizimda olib borildi hamda mazkur bellashuvda 100 nafar talabalar shaxmat bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.
7 turdan iborat bo‘lgan turnirda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar diplom hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.