“Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik faoliyat va diplomatik xizmatning normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
“Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik faoliyat va diplomatik xizmatning normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 17-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar vakillari, yetakchi olimlar va mutaxassislar, doktorantlar va JIDU tadqiqotchilari ishtirokida diplomatik faoliyatning normativ-huquqiy asoslarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining asosiy qoidalarini muhokama qilishga qaratilgan konferensiya tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, oʻzining diplomatik tizimini shakllantirib, diplomatik faoliyat va diplomatik xizmatni tashkiliy-huquqiy taʼminlashga oid tegishli qonun hujjatlarini qabul qildi.
2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda keng koʻlamli oʻzgarishlar boshlandi. Islohotlar Oʻzbekistonni tashqi dunyoga yanada ochiqroq qilish maqsadida tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini ham qamrab oldi. Ushbu islohotlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5400-son qarori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3654-son Farmoni qabul qilindi.
Oliy Majlisning, xususan, Senatning tashqi siyosat, xalqaro, tashqi- siyosiy va tashqi-iqtisodiy faoliyat masalalari boʻyicha vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi va mustahkamlandi.
Bu davrda Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati sohasida muhim qonunlar, xususan, “Xalqaro shartnomalar toʻgʻrisida”gi qonun, “Konsullik ustavi” yangi tahrirda qabul qilindi hamda qabul qilinishi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida” Qonun qabul qilingandan keyin rejalashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi tayyorlandi.
Ayni paytda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun va 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilinishi tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy asoslarini, shuningdek, xalqaro hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish vazifasi maqsad qilib qoʻyildi.
Bu xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirishni, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyatini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, diplomatik xizmat faoliyatini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarining inventarizatsiyasi, bajarilishi monitoringi boʻyicha yagona elektron maʼlumotlar bazasini ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolariga xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasining “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi qonunni tayyorlash va qabul qilish boʻyicha ishlarni yakunlash zarurligini taqozo etmoqda.
Mazkur tadbir qonun loyihasini koʻrib chiqish va uni Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida mamlakatni rivojlantirish strategiyasi hamda uni amalga oshirish va maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi talablarini inobatga olgan holda qabul qilish bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.
JIDUda boʻlib oʻtgan anjumanda diplomatik faoliyatni tashkiliy-huquqiy taʼminlash, diplomatik xizmat faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining asosiy qoidalarini tahlil qilish va baholash, diplomatik faoliyatni tashkiliy-huquqiy taʼminlash, diplomatik xizmat, diplomatik faoliyat sohalari, shuningdek, xalqaro hamkorlikning huquqiy va shartnomaviy asoslari masalalari muhokama qilindi va muhim fikrlar va tajriba almashildi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari va ularning rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari, Oʻzbekiston Respublikasining “Diplomatik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻyicha xulosalar, takliflar va tavsiyalar xalqaro tajribani hisobga olgan holda hamda “Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish Strategiyasi”ning tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasidagi maqsadlaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi.
Konferensiya yakunlari boʻyicha ishchi ekspert guruhiga bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar, tavsiyalar va konferensiya xulosalarini amaliy tatbiq etishga koʻmaklashish chora-tadbirlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga amalga oshirish boʻyicha memorandum tayyorlash vazifasi topshirildi.