JIDUda zamonaviy Afg‘onistonga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
JIDUda zamonaviy Afg‘onistonga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 27 avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ) “Tolibon hokimiyati ta’siridagi Afg‘oniston – qo‘shni mamlakatlar va buyuk davlatlarning munosabati” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Roza Lyuksemburg jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyada Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Roza Lyuksemburg jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, Markaziy Osiyo davlatlari, Germaniya, Xitoy, Hindiston va Rossiyadan yetakchi ekspertlar, davlat va jamoat arboblari, olimlar, shuningdek, JIDU professor-o‘qituvchilari va doktorantlar ishtirok etishdi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochar ekan, Afg‘oniston mintaqa barqarorligining muhim omili ekanini ta’kidladi.
“Oʻzbekiston ushbu mamlakatdagi vaziyatning rivojlanishi bilan bogʻliq masalalar xalqaro kun tartibiga o‘tganidan xavotirda. Afg‘on xalqiga gumanitar yordamini kengaytirish va jahon hamjamiyatining bu davlatga nisbatan yagona strategiyasini ishlab chiqish zarurati yaqqol ko‘rinib turibdi”, — dedi S.Safoyev.
Germaniyaning O'zbekistondagi elchisi Manfred Xuterer O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shni davlatga muntazam ravishda gumanitar yordam ko'rsatish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
“Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Afgʻoniston barqaror va farovon boʻlishidan birinchi navbatda manfaatdor. Ammo xalqaro hamjamiyat bu mamlakatdagi vaziyatni e'tiborsiz qoldirmasligi kerak», - deya ta’kidladi M. Xyuterer.
Anjuman ishtirokchilari Afgʻonistonning barqaror siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Geosiyosat masalalari va Afgʻonistonni mintaqaviy munosabatlar tarkibiga kiritish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Muhokamalar chogʻida Afgʻonistonning yangi hokimiyat organlarining mintaqaviy va global siyosatning yetakchi subʼyektlari bilan siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy munosabatlari doirasidagi keng koʻlamli dolzarb masalalarga baho berildi. Mutaxassislar mintaqaviy xavfsizlik tizimidagi yangi tendensiyalar, muammolar va rivojlanish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakuni bo‘yicha konferensiyada mutaxassislarning ma’ruza matnlari, shuningdek, tanlov asosida saralangan tadqiqotchilar, bakalavriat va magistratura talabalarining maqolalaridan iborat jamoaviy monografiya chop etish rejalashtirilgan.
Sana: | 27.08.2024 |
Ko'rganlar soni: | 1701 |
Ulashish: |