JIDUda O‘zbekiston va Yaponiyaning ta’lim sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston va Yaponiyaning ta’lim sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 7-8 avgust kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “O‘zbekistonda oliy ta’lim transformatsiyasi: Yaponiya bilan hamkorlikda innovatsiya va global mukamallik sari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni ochilishida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev va Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muhtor elchisi Takashi Xatori so‘zga chiqib, ta'lim sohasiga alohida e'tibor qaratib, ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikning yuksak dinamikasini qayd etdilar.
Ilmiy-amaliy seminarda Nippon Foundation jamg‘armasi va Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari vakillari, Markaziy Osiyo va Yaponiyaning yetakchi universitetlari olimlari, hamda JIDU professor-o‘qituvchilari va doktorantlar qatnashdi.
Seminarda ishtirokshilar to‘rtta muhokama paneli doirasida O‘zbekistonda oliy ta'lim sifatini oshirish, iqtisodiyot va oliy ta'limning o‘zaro bog’liqliligi, akademik mustaqillik, ilm-fanni ommalashtirish, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va tijoratlashtirish masalalari, shuningdek, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik tajribasi borasida atroflicha fikr almashdi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va tadqiqotning yakuniy hisobotida aks ettirish ko`zda tutilgan.
Ushbu tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan hamda Nippon Foundation jamg’armasi (Yaponiya) hamkorligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli “O‘zbekistonning oliy ta’lim dinamikasi va instititsional xilma-xillik” nomli loyihaning yakuniy qismi sifatida tashkil etildi.
Shuni ta’kidlash joizki, loyiha doirasida Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining bugungi holati, muammolari va istiqbollarini oʻrganish, sohadagi keyingi islohotlar jarayoniga olimlar va mutaxassislarni jalb etish, Markaziy Osiyo va Yaponiya oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan kompleks tadqiqot olib borildi.
Tadqiqotda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari qamrab olindi. 1270 nafardan ortiq respondent – talabalar, oliy o‘quv yurtlari rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari ishtirokida sotsiologik so‘rov va chuqurlashtirilgan intervyular o‘tkazildi.