JIDU vakillari Ibn Haldun Universitetidagi Turkiy davlatlar yozgi maktabida ishtirok etishdi
JIDU vakillari Ibn Haldun Universitetidagi Turkiy davlatlar yozgi maktabida ishtirok etishdi
Joriy yilning 28-iyulidan 8-avgustiga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari Istanbul shahridagi (Turkiya) “Turk dunyosi uchun yangi davr” xalqaro yozgi maktabida ishtirok etishdi.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (O‘zbekiston), ADA universiteti qoshidagi Taraqqiyot va diplomatiya instituti (Ozarbayjon) va Xoja Ahmad Yasaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston) bilan hamkorlikda Ibn Haldun universiteti (IHU, Turkiya) Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi tomonidan tashkil etilgan.
Yozgi maktabda AQSH, Germaniya, Angliya, Xitoy, Eron, Rossiya, Hindiston, Polsha, Pokiston, Bolgariya va TDTga aʼzo 20 ta davlatning o‘quv va ilmiy doiralaridan 60 dan ortiq ishtirokchilar ishtirok etdi.
Dasturning panel va ma’ruzalarida jahonning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislari bilan bir qatorda JIDU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor A.Umarov, fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G.Ismailova va professor-o‘qituvchilar ma’ruzachi sifatida chiqishlar qildilar.
Dastur davomida global va mintaqaviy xavfsizlik, logistika va transport yo‘laklari, ta’lim va gumanitar hamkorlik masalalari, ekologik va iqlim muammolari atroflicha muhokama qilindi.
Yozgi maktabning eng dolzarb mavzusi zamonaviy turkiy tillilar makonida o‘zlik (milliy, turkiy, markaziy osiyolik, postsovet o‘zligi) muammosi bo‘ldi. Globallashuv va oʻzaro taʼsir sharoitida madaniy oʻziga xoslikni saqlash muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilarning fikricha, xalqaro yozgi maktabning o‘tkazilishi turkiy dunyo va undan tashqaridagi mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlik va bilim almashinuvini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
O‘quv kursi nafaqat asosiy global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratdi, balki turli masalalar bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirishga ham hissa qo‘shdi.