Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi
Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi
Joriy yilning 6-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Koreya universiteti bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi. Ikki tomonlama uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad sohadagi professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuv dasturini kelishib olish, akademik mobillik, ilmiy loyihalardagi hamkorlik va qo‘shma nashrlar muhokama qilindi.
“O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya yanada yorqin tus olayotgan bir paytda, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga ham alohida e’tibor berilmoqda”, - dedi S.Safoyev. Muloqot davomida Koreya universiteti prezidenti Jin Taek Chung delegatsiya O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurganligini hamda universitetlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka ishonchi mustahkamligini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng tomonlar har ikki universitet haqida qisqacha ma’ruza qildilar. Akademik va ilmiy tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator amaliy takliflar bildirildi.
Uchrashuv Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Koreya universiteti o‘rtasida tuzilgan memorandum imzolanishi bilan yakunlandi.
Shuningdek, Jin Taek Chung boshchiligidagi delegatsiya a’zolari koreys tilini o‘rganayotgan talabalar bilan uchrashib, ta’limning ahamiyati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi hamda talabalarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Ma’lumot uchun, Koreya universiteti Janubiy Koreyaning Seul shahridagi 1905-yilda tashkil etilgan xususiy tadqiqot universiteti hisoblanadi. Mazkur universitet SKY universitetlari qatorida ko‘riladigan 3 ta universitetdan biridir.