
JIDUda giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulot o‘tkazildi
JIDUda giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulot o‘tkazildi

Joriy yilning 20-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Bugungi kunda giyohvandlik savdosi - Internet ijtimoiy tarmoqlarida” mavzusida o‘quv-amaliy mashg‘uloti o'tkazildi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi, professor, podpolkovnik Umidjon Qodirov olib bordi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Odil Yusupjonov ochib berib, giyohvandlik, psixotrop moddalar hamda shunga o‘xshash zararli illatlar yoshlar orasida keng avj olayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Ular inson sog‘ligiga zarar yetkazuvchi, yoshlar kelajagini barbod qiluvchi eng xavfli omillardan ekanini ta’kidlab, talabalarni doim ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Podpolkovnik U.Qodirov o‘z nutqida yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish va uning zarari haqida ma’lumot berishning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. U giyohvand moddalar savdosi sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, shuningdek, giyohvand moddalarni tarqatish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish haqida ma’lumot berdi. Spiker giyohvand moddalar savdogarlari to‘riga tushib qolmaslik uchun hushyor bo‘lishga chaqirdi.
Mashg‘ulot ishtirokchilari ushbu dolzarb mavzu bilan bog‘liq muammo va chaqiriqlarni chuqurroq tushunish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
IIV Akademiyasi vakili yoshlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni ortib borayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Xavfsizlik garovi bo‘lgan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida podpolkovnik U.Qodirov talabalar, professor-o‘qituvchilar va universitet xodimlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.