JIDUda Ibn Haldun Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

JIDUda Ibn Haldun Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Ibn Haldun Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Ibn Haldun Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    2025-yil 14-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Ibn Haldun universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga professor, doktor Y. Sari hamda Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqot markazi koordinatori Ch. Bekir rahbarlik qildi.

    Uchrashuvda JIDU tomonidan Ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G. Ismailova, Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Sh. Arapov, Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq kafedrasi mudiri Sh. Masadikov hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi vakillari ishtirok etdi.

    Muzokaralar chog‘ida turkiyalik hamkorlar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, Erasmus+ dasturi doirasida talabalar almashinuvi, yozgi maktab tashkil etish, qo‘shma ilmiy maqolalar nashr qilish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan seminar va treninglar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Bundan tashqari, tomonlar “Xalqaro huquq” va “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishlarida qo‘shma magistratura dasturini yaratishga qiziqish bildirdi. Ibn Haldun universiteti vakillari o‘z talaba va tadqiqotchilarining O‘zbekistonga oid izlanishlarga bo‘lgan katta qiziqishini ta’kidlashdi hamda ushbu mavzularga bag‘ishlangan kitob va ilmiy ishlar taqdimotlarini JIDUda tashkil etish istagini bildirishdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar hamda akademik va ilmiy sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.