“Sun’iy intellekt davrida media transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
“Sun’iy intellekt davrida media transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 6-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining anjumanlar zalida “Sun’iy intellekt davrida media transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etildi. Davra suhbatida tadqiqotchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar, blogerlar, kontent yaratuvchilar hamda media va kommunikatsiya sohasidagi boshqa mutaxassislar ishtirok etdilar.
Davra suhbatida ma’ruzachi sifatida Meta/Facebookning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha sobiq boshqaruvchi direktori, hozirgi kunda “The Asia Group” xalqaro konsalting kompaniyasining raqamli texnologiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jorj Chen hamda “Faro Foundation” NNT asoschisi Byambajargal Ayushdjava ishtirok etdilar.
Jorj Chen media, texnologiyalar va davlat siyosati sohasida 20 yillik tajribasi va qarashlari bilan o‘rtoqlashib, sun’iy intellekt (SI) rivojlanishi sharoitida media taraqqiyotining istiqbollari to‘g‘risida ma’ruza qildi. J.Chen SI yangi avlod jurnalistlari uchun qanday xavflarni paydo qilishi mumkinligiga va ularning yechimlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
B.Ayushdjavaning taqdimoti zamonaviy dunyoda raqamli savodxonlikning ahamiyatiga bag‘ishlandi. Ekspert yoshlarni raqamli davrning chaqiriqlariga samarali qarshi turishlari uchun, ularni tanqidiy fikrlash va ma’lumotni tahlil qilish ko‘nikmalariga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir davomida SIni media sohasiga joriy qilish bilan bog‘liq asosiy masalalar, jumladan, yangiliklar kontentini avtomatlashtirish, SIning jurnalistika etikasiga ta’siri, ma’lumotlar va maxfiylikni himoya qilish usullari hamda dezinformatsiya va soxta yangiliklarga qarshi kurashda SIning roli muhokama qilindi.