Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida italiyan tili bayrami bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida italiyan tili bayrami bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida italyan tili o‘qitilishining yigirma yilligi nishonlandi.
Bayram tantanalarida Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinna va Perujiya universiteti (Università degli Studi di Perugia) rektori Valerio de Cesaris ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev tashrif buyurgan mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston-Italiya munosabatlari turli sohalarda faol rivojlanib borayotganini ta’kidlab, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdi.
Rektor Valerio de Cesaris JIDU talabalarining Italiyada amaliyot o‘tashini tashkil etish, italyan tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, shuningdek, ilmiy va madaniy tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Perujiya universiteti va JIDU o‘rtasida madaniy va ilmiy hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladilar.
JIDUda italyan tili o‘qitilishining 20 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri doirasida rang-barang konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Talabalar italyan tilida she’rlar, qo‘shiqlar va hatto operalardan parchalar ijro etishdi.
Tadbir so‘ngida Elchi Agostino Pinna JIDU o‘qituvchilari va talabalariga italyan tiliga qaratilayotgan katta e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.
Sana: | 08.04.2024 |
Ko'rganlar soni: | 2679 |
Ulashish: |