JIDUda O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 20-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakili Eldiyor Ravshanbekovich Toshmatov bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G. Ismailova, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment”, “Xalqaro munosabatlar”, “Xalqaro huquq” fakultetlari dekanlari, JIDU kafedra mudirlari hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, jumladan, Shveytsariyaning yetakchi tahliliy markazlari vakillarining ma’ruzalari va ekspert uchrashuvlarni tashkil etish, JIDU talabalari uchun Jenevada joylashgan xalqaro tashkilotlarning qarorgohlarida amaliyotlar tashkil etish, shuningdek, xalqaro ilmiy tadqiqot loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Doimiy vakil taklif etilgan tashabbuslarni yuqori baholab, ularni amalga oshirishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus ma’ruzachilari ishtirokida ayollar huquqlari, inson huquqlari va migrantlar huquqlariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar tashkil etishni ishlab chiqish taklif qilindi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Universitet salohiyatini mustahkamlash maqsadida taklif etilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.