Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Karyera kuni” bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Karyera kuni” bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 24-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa yetakchi vazirlik va idoralar, yirik ish beruvchilar ko‘magida “Karyera kuni” (Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi-2024) tashkil qilindi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari, konsalting va auditorlik firmalari, tijorat banklari, sug‘urta va telekommunikatsiya kompaniyalari kabi 50 dan ortiq tashkilotlar ishtirok etdi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, “Oʻzbekneftgaz”, “Enter engineering”, “Huawei Tech Investment Tashkent” va boshqa yirik ish beruvchi tashkilotlar qatnashdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, universitetimiz bitiruvchi talabalarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, yirik ish beruvchi korxonalarga iqtidorli va yosh mutaxassislarni tanlashda ko‘maklashishdan iboratdir.
Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etilib, unda taklif etilgan tashkilot va muassasalar vakillari universitet bitiruvchilari va talabalarini o‘z korxonalaridagi afzalliklar va mehnat sharoitlari, vaqtinchalik va doimiy ishga joylashish uchun kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj bilan tanishtirdi.
“Karyera kuni” tadbirida ushbu universitetning ko‘plab bitiruvchilari ish beruvchilar bilan suhbatlashish uchun taklifnomalar oldilar va yuqori malakali mehnat kadrlarini tayyorlashdan manfaatdor bo‘lgan bir qator kompaniyalar universitet bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun. “Karyera kuni” JIDU tomonidan bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir davomida davlat tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari universitet bitiruvchilari va talabalari orasidan ishga joylashish uchun mutaxassislarni tanlashlari mumkin.