“O‘zbekistonning sivilizatsiya salohiyati: yumshoq kuch mexanizmi sifatida” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekistonning sivilizatsiya salohiyati: yumshoq kuch mexanizmi sifatida” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19-mart kuni O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) konferens-zalida “O‘zbekistonning sivilizatsiya salohiyati: yumshoq kuch mexanizmi sifatida” nomli media-ivent bo‘lib o‘tdi.
Tadbir WOSCU va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda xalqaro tashkilotlar, OAV vakillari hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev o‘z nutqida mamlakatimizda madaniy, ilmiy va ma’naviy merosni keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga bu “yumshoq kuch”ning muhim omili ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bo‘lajak diplomatlarga ushbu yo‘nalishda tegishli ko‘nikmalarni egallashga yordam beradigan bir qancha platformalar yaratish ustida ish olib borilmoqda.
“JIDU va WOSCU o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning madaniy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ’ib qilishga xizmat qiladi”, – deydi S.Safoyev.
O‘z navbatida, WOSCU jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash masalalari yangi bosqichga ko‘tarilayotganiga e’tibor qaratdi.
“Bu yutuqlarning barchasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va ma’naviyat sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibori samarasidir”, – deydi F.Abduxoliqov.
Tadbir doirasida WOSCU kitob-albomlari ko‘rgazmasi, JIDU, WOSCU va talabalar klublari faoliyati haqida videorolik, “Diplomat” teatr studiyasi tomonidan tayyorlangan “Jadidlar” nomli badiiy chiqish va JIDU talabalari ijrosidagi konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Takidlash joizki, WOSCU 2017-yildan beri ko‘p yillik rivojlanish tarixiga ega. Jamiyat 6 ta xalqaro anjuman, 25 ta forum va media-tadbirlar o‘tkazdi, shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 70 ta kitob-albomlar chiqardi. Loyihaning vazifasi – O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirishdir.