JIDUda O‘zbekiston Regbi federatsiyasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

JIDUda O‘zbekiston Regbi federatsiyasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda O‘zbekiston Regbi federatsiyasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda O‘zbekiston Regbi federatsiyasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 10-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Regbi federasiyasining navbatdagi hisobot konferensiyasi  bo‘lib o‘tdi. Unda  O‘zbekiston Regbi federasiyasi Ijroiya qo‘mitasi a'zolari, O‘zbekiston sport vazirligi vakillari, vazirlik va idoralarning mas'ul mutaxassislari, hududiy regbi federasiyalari rahbarlari, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi sport klublari vakillari, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi mas'ul mutaxassislari ishtirok etdi.

    Tadbirni O‘zbekiston Regbi federasiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoev kirish so‘zi bilan ochar ekan, regbini ommaviy va professional sport turi sifatida rivojlantirish muhimligini ta'kidladi, shuningdek, 2024 yildagi muvaffaqiyatlar va 2025 yil uchun ulkan rejalar bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishitirib o‘tdi.

    Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrda tasdiqlangan “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-421-son qaroriga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur Qaror regbi va boshqa jamoaviy sport turlarini ommalashtirishda muhim qadam bo‘lib, infratuzilmani rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va sportni ommalashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Qarorda huquqni muxofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlar o‘rtasida regbi turini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgani bo‘limlarda jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirish va sportni ommalashtirishga xizmat qilishi belgilangan.

    Hisobot konferensiyasida GIR koordinatori Ye.Lebedning ma’ruzasida 2024-yilda O‘zbekiston regbi federasiyasi tomonidan mamlakatimizning 9 viloyatini qamrab olgan 15 ta turnir tashkil etilgani haqida ma’lumot berildi. Ishtirok etgan jamoalarning umumiy soni 212 tani (127 ta erkaklar va 85 ta ayollar) tashkil etdi. Respublika musobaqalarida Buxoro viloyat jamoalari ilk bor ishtirok etdi. Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi, jumladan, U-14, U-16, U-18 va U-20, erkaklar jamoalari o‘rtasida regbi-15 bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, shuningdek, an'anaviy “Open Central Asia Rugby-7 Tournament” xalqaro turniri va 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan ayollar turniri o‘tkazilganligi to‘g‘risida hisobot berildi.

    Shuningdek, regbi bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi D.Kulikov tomonidan 2024 yilda 4 ta mahalliy va 3 ta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilganini ta'kidlandi. 2025 yil uchun rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, unda asosiy e’tibor xalqaro turnirlarda, jumladan, regbi bo‘yicha Osiyo chempionati 7S Trofi tur, Borneo 7S va Dubay 7S, shuningdek, Osiyo chempionatlari U-18 va U-20 orqali o‘quv-mashg‘ulot zaxiralariga qaratiladi. Kadrlar tayyorlash darajasini oshirish uchun mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan. Asosiy maqsad - bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga lisenziya uchun kurashadigan raqobatbardosh jamoalarni tayyorlash.

    Konferensiyada viloyat regbi federasiyalarining ma'ruzalari tinglandi.

    Konferensiya davomida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya sport klublari vakillarining chiqishlari alohida qiziqish uyg‘otdi. Ta'kidlanganidek, mazkur vazirlik va idoralarning tuzilmalarida regbi sport turi faol rivojlanib, unda harbiy xizmatchilar va xodimlar yuqori jismoniy tayyorgarlik hamda sport mahoratlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, 2025-yilda regbi va regbi-7 musobaqalarida ushbu vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchi va xodimlarining ishtirok etish rejalari aytib o‘tildi. O‘zbekiston Regbi federasiyasi ushbu vazirlik, idora va tashkilotlar bilan tajriba almashish va regbini yanada ommalashtirish yo‘lida hamkorlikni doimiy olib orish tayyorligini bildirdi.