Chexiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri JIDU talabalari bilan uchrashdi
Chexiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri JIDU talabalari bilan uchrashdi
Joriy yilning 22 oktabr kuni Toshkentga amaliy tashrif bilan kelgan Chexiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jan Lipavsky boshchiligidagi delegatsiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochar ekan, Chexiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi an’anaviy va muhim hamkori ekanini ta’kidladi. U ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Jan Lipavsky o‘z nutqida o‘zbek va chex xalqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik chuqur ildizlarga ega ekanini eslatdi. Ikki davlat oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlash istiqbollari haqida gapirar ekan, hamkorlik turli sohalar – temir yoʻl sanoati, infratuzilma, energetika va boshqa koʻplab sohalarni qamrab olishini taʼkidladi.
Vazir, shuningdek, Chexiya O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, jumladan, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishining faol tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari keng ko‘lamli masalalar, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, energetika, transport va iqtisodiyot sohalaridagi dolzarb mavzularni muhokama qildilar. O‘zbekiston-Chexiya munosabatlarining strategik jihatlari, Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirishning yangi tendentsiyalari va global ahamiyatga molik masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv so‘ngida JIDU talabalari Chexiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziriga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniga ega bo‘ldilar, bu esa o‘sib kelayotgan yosh avlod va chex diplomatiyasi vakillari o‘rtasida faol fikr almashish va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga xizmat qildi.