Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Strategiya va transformatsiyalarni boshqarish” o‘quv dasturi ishga tushirildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Strategiya va transformatsiyalarni boshqarish” o‘quv dasturi ishga tushirildi
Joriy yilning 26-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Strategiya va transformatsiyalarni boshqarish” o‘quv dasturini ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘quv dastur JIDU Executive Education fakulteti (rahbarlar uchun ta’lim) va Senteo (AQSh) konsalting kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Dastur davlat ulushiga ega boʻlgan, isloh qilinishi va faoliyat samaradorligini oshirishi lozim boʻlgan korxonalar rahbarlari va mutaxassislari uchun moʻljallangan. Ta’lim talabalarda strategik va loyihalarni boshqarish tamoyillari, biznes modellarining rivojlanishi va evolyutsiyasi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida muvaffaqiyatli transformatsiya loyihalarini amalga oshirish amaliyotini chuqur tushunishni shakllantirishga qaratilgan.
Mashg‘ulotlarni Senteo bosh direktori Maykl Rakman olib boradi, u xalqaro kompaniyalarda ko‘p yillik amaliy tajribaga ega, ayniqsa menejment konsaltingi sohasida. U muntazam ravishda dunyoning yetakchi universitetlarida shu kabi dasturlarni olib boradi.
Dasturda O‘zbekistonning xususiyatlarini hisobga olgan holda xalqaro amaliyotdan misollar (keyslar) bilan interfaol seminarlar va muhokamalar o‘tkaziladi.
Ushbu ta’lim dasturi O‘zbekiston hukumati tomonidan davlat ishtirokida korxonalarni isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqaro tajriba shuni ko'rsatadiki, transformatsiya jarayonlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish tayyorlash, loyihalash, amalga oshirish va boshqarishda innovatsion yondashuvlarni talab qiladi.
Ma’lumot uchun: Executive Education fakultetining asosiy vazifalari yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari va kompaniyalari bilan hamkorlikda eng yangi texnologiyalar va ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llash orqali davlat organlari, iqtisodiy tuzilmalari va tadbirkorlik sub’ektlarining rahbar kadrlarini zamonaviy boshqaruv usullariga o‘rgatishdan iborat.
Senteo konsalting kompaniyasi strategiya va menejment, biznes modellarini o'zgartirish va korporativ madaniyatni rivojlantirishga ixtisoslashgan. Senteo mijozlari ro‘yxatiga IBM, Renault, IKEA, Telefonica, Wembley, Vodafone, Barclays, UBS, Alfa Bank, BNP-Paribas, Citibank, Megafon, Gruziya adliya vazirligi va boshqalar kiradi.