JIDUda R.B Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda R.B Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 12-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Qozog‘iston Respublikasi Fan va Oliy ta’lim vazirligi qoshidagi R.B Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Galimjan Duysen, bosh ilmiy xodim, falsafa fanlari doktori, professor Erkin Baydarov va ilmiy xodim Erlan Yunusov o‘rin oldi.
Mazkur uchrashuvda JIDU vakillari, jumladan, JIDUning fan va innovatsiyalar bo’yicha prorektori G.Ismailova, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani M. Hamdamov hamda Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi ikki institut o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni kuchaytirish, Markaziy Osiyo tadqiqotlari, iqtisodiy integratsiya va diplomatiya kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat edi.
Qozog‘iston delegatsiyasi hozirda Markaziy Osiyo va Xitoy aloqalariga bag‘ishlangan tadqiqot loyihasi ustida ishlayotganini ta’kidlab, ushbu jarayonda JIDU ekspertlarini jalb qilishga qiziqish bildirdi. JIDU vakillari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, akademik hamkorlikning dolzarbligini va bu borada birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, uchrashuvda doktorantlar almashinuv dasturini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Ushbu tashabbus orqali ikkala tomon talabalari amaliyot o‘tash va qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa ularning ilmiy va kasbiy tajribasini boyitishga, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ishtirokchilar mintaqaning dolzarb masalalarini birgalikda o‘rganish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratdilar.