JIDUda “Bo‘lajak diplomatlar uchun regbi” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Bo‘lajak diplomatlar uchun regbi” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 3-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Bo‘lajak diplomatlar uchun regbi” nomli mahorat saboqlari va ko‘rgazmali o‘yini boʻlib oʻtdi.
Tadbirda O‘zbekiston regbi federatsiyasi ijrochi direktori Behzod Ibragimov, regbi bo‘yicha milliy terma jamoa murabbiylari Danil Kulikov, Asad Gulyamov, Yegor Lebed, regbi bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari, JIDU sport klubi, Talabalar kengashi, Yoshlar ittifoqi, professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, o‘z nutqida yoshlar orasida sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish muhimligiga urg‘u berib, ishtirokchilarni sport bilan faol tarzda shug‘ullanishga chorladi. Shuningdek, u shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, aynan regbi sport turi bo‘lajak diplomat yoshlarda iroda, qat’iyat kabi xislatlarni yanada rivojlantirishda katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Tadbirning asosiy qismi regbi bo‘yicha yoshlar milliy terma jamoasi katta murabbiyi Yegor Lebed va JIDU talabalari ishtirokidagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga berildi. Mashg‘ulotlar o‘z nihoyasiga yetgach, regbi bo‘yicha milliy terma a’zolari tomonidan tadbir ishtirokchilariga ko‘rgazmali o‘yin namoyish etildi.
Tadbirning yakunlovchi qismida regbi bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiylari tomonidan mahorat saboqlarida faol ishtirok etgan talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi va federatsiya tomonidan universitet sport klubiga regbi to‘plari sovg‘a qilindi.
Ma’lumot uchun. O‘zbekistonda regbi sport turi 1969 yildan buyon rivojlanib kelmoqda. 2003 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida regbi federatsiyasi tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 2006 yildan boshlab federatsiya Osiyo regbi uyushmasi (ASIA RUGBY) a'zoligiga, 2014 yildan esa Xalqaro regbi federatsiyasi (WORLD RUGBY) a'zoligiga qabul qilingan.
O‘zbekiston regbi federatsiyasi tomonidan barcha hududlarda viloyat federatsiyalari tashkil etilib, hozirgi kunda Respublikada jami 120 nafardan ortiq trenerlar faoliyat yuritilib, 3 000 nafardan ortiq shug‘ullanuvchilar doimiy ushbu sport turi bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasi milliy terma jamoasi regbi-7 bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqalarda doimiy qatnashib, davlatimizning obro‘y-e'tiborini hamda sport aloqalarini xalqaro arenada yanada oshirib kelmoqda.