Tashqi ishlar vazirligining Shartnoma-huquq boshqarmasi xodimi JIDUda master-klass o‘tkazdi
Tashqi ishlar vazirligining Shartnoma-huquq boshqarmasi xodimi JIDUda master-klass o‘tkazdi
Joriy yilning 15-noyabr kuni Tashqi ishlar vazirligining shartnoma-huquq boshqarmasi xodimi Rayan Babayev “Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasining shartnomaviy-huquqiy hamkorligi”mavzusida JIDUda master-klass o‘tkazdi.
Dars “Xalqaro huquq” fakultetining 4-kurs talabalari uchun “Yevropa Ittifoqi huquqi” fani doirasida tashkil etildi.
Diplomat O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, uning kuchga kirishi va amalga oshirilishi bo‘yicha asosiy tashkiliy chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari doirasida xalqaro-huquqiy normalar muhokama qilindi. Xususan, migratsiya va savdo shartnomalari, xalqaro transport tizimini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan hujjatlar.
Mahorat darsi davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish bilan bog‘liq jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, erishilgan kelishuvlarning barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish, inklyuziv rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, xalqaro savdo va transport infratuzilmasini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdagi ahamiyati ko‘rib chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligi vakili talabalarning bugungi kundagi Yevropa Ittifoqi qonunchiligining amaldagi normalari bo‘yicha ko‘plab savollariga javob berdi.