Turkiya davlat televideniyasi – TRTning O‘zbekistondagi vakili JIDUga tashrif buyurdi
Turkiya davlat televideniyasi – TRTning O‘zbekistondagi vakili JIDUga tashrif buyurdi
Joriy yilning 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Turkiya Teleradio kompaniyasining (TRT) O'zbekiston vakolatxonasi rahbari Nizam Shahin tashrif buyurdi. Tashrif davomida “Diplomatiya jurnalistikasi va xalqaro OAV tushunchasi" mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
JIDU “Roman-German tillari” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu uchrashuvda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Nizam Shahin o‘z nutqi davomida diplomatik jurnalistikaning asosiy jihatlarini muhokama qilib, uning jamoatchilik fikrini shakllantirish va xalqaro munosabatlarga ta’sir ko‘rsatishdagi rolini ta’kidladi. Uning aytishicha, zamonaviy jurnalistika jahon siyosatidagi murakkab jarayonlarni munosib aks ettirish uchun nafaqat faktlarni, balki voqealar sodir bo‘layotgan kontekstni ham hisobga olishi zarur.
Xorijiy ekspert davlat organlari va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorligi, axborot tarqatishda yangi texnologiyalarning ta’siri masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. U axborot manbalariga tanqidiy yondashish, jurnalistlar faoliyatida kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv qizg‘in muhokama va fikr almashish muhitida o‘tgani ishtirokchilarning zamonaviy dunyoda jurnalistikaning o‘rni haqidagi bilimlarini chuqurlashtirishga xizmat qildi.
Ma’lumot uchun. TRT Turkiya Teleradio Kompaniyasining O'zbekistondagi Vakolatxonasi 2005-yil may oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o'tgan holda Toshkentda faoliyat olib boradi. Vakolatxona ikki davlat o'rtasidagi aloqalarning rivoji uchun O‘zbekistonda mushtarak tarix va madaniy qadriyatlarni hisobga olgan holda, yangiliklar va ko‘rsatuvlar mavzusi bo‘lishi mumkin bo‘lgan har bir siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy voqeani kuzatib boradi, xabar tayyorlaydi va jonli efirga uzatadi.
Sana: | 18.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 346 |
Ulashish: |