JIDU vakillari “Hindistonning Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan munosabatlari: Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi
JIDU vakillari “Hindistonning Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan munosabatlari: Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi
Joriy yilning 8-noyabr kuni Nyu-Dehli shahrida “Hindistonning Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan aloqalari: Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, unda JIDU Diplomatik akademiyasi direktori Abdusamat Haydarov boshchiligidagi vakillari ishtirok etdi.
“MERI Group Institutions” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan anjumanda “Hindiston – Markaziy Osiyo” jamg‘armasi rahbariyati, Hindiston tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosarlari, Markaziy Osiyo davlatlarining Hindistonda akkreditatsiyadan o‘tgan elchilari, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining aqliy markazlari vakillari ham ishtirok etdi.
Konferensiyaning birinchi qismida erishilgan kelishuvga muvofiq, Diplomatik akademiya “Hindiston – Markaziy Osiyo” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda va mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi koʻmagida oʻzbek va hind tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan “Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishda Oʻzbekiston-Hindiston istiqbollari” nomli kitobning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Kitob taqdimoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiyada ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi tashabbuslar doirasida tashkil etildi.
Kitob O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya tomonidan o‘zbek va rus tillarida nashr etildi. Kitobning ingliz tilidagi nusxasi Hindiston – Markaziy Osiyo fondi tomonidan Nyu-Dehlida nashr etilgan. Mazkur qo‘shma nashrga so‘zboshi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S.Safoyev va Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Hindistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Gitesh Sharma tomonidan yozilgan.
O‘zbek va hind olimlarining mazkur qo‘shma nashri O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fundamental yondashuvini o‘zida aks ettiradi va hozirgi davrda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan tarix, siyosat, iqtisodiyot, sarmoya, xavfsizlik va madaniyat sohalarini qamrab oladi. Shubhasiz, ushbu kitobning nashr etilishi jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda mazkur tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjumanning ikkinchi qismida iqtisodiy aloqalar, hamkorlikni mustahkamlashda yumshoq kuchning o‘rni, siyosiy munosabatlar va mintaqaviy geosiyosat, shuningdek, Hindiston, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari, jumladan, Hindistonning O‘zbekistondagi sobiq elchilari Ashok Sharma, Gitesh Sharma, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi aqliy markazlar vakillari ushbu mintaqalar mamlakatlari manfaatlariga mutanosib mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi yuzasidan umumiy qarashlarni aks ettirdilar.
Sana: | 08.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 198 |
Ulashish: |