JIDU birinchi prorektori A. Umarov Shvetsiya va Norvegiyaga tashrif buyurdi
JIDU birinchi prorektori A. Umarov Shvetsiya va Norvegiyaga tashrif buyurdi
Joriy yilning 17-21-iyun kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) birinchi prorektori A. Umarov Shvetsiya va Norvegiyaga tashrif buyurdi.
Stokgolm shahrida A. Umarov Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlar instituti (SIPRI) direktori Luk van de Gur bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mintaqaviy rivojlanish masalalari muhokama qilindi. A.Umarov shvetsiyalik hamkasblariga Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishining dolzarb tendensiyalari, o‘zaro hamkorlik va yuqori darajadagi almashinuvlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviylashuv jarayoni yuz berayotganini ta’kidladi.
Tomonlar hamkorlik imkoniyatlarini, jumladan, joriy yilning kuzida onlayn davra suhbati o‘tkazishni muhokama qildilar. A. Umarov va Luk van de Gur avgust oyida Zoom orqali onlayn uchrashuv o‘tkazishga va kelgusi hamkorlik mavzusini muhokama qilishga kelishib oldilar. Ushbu onlayn davra suhbatining natijalariga ko‘ra, qo‘shma nashrlarni tayyorlash rejalashtirilgan. Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasi mavzusidagi tadqiqotlarni o‘tkazish uchun qo‘shma grant arizalarini tayyorlash imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Safar davomida A.Umarov Stokgolmdagi Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Yoxan Engvall bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda Markaziy Osiyoning mintaqaviy rivojlanishi, mintaqaviy hamkorlikning hozirgi tendensiyalari va o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning kuzida qo‘shma tadbir o‘tkazish va uning natijalari bo‘yicha tahliliy hisobot tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, A.Umarov Södertorn universitetida “Yevrosiyoda mojarolar, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik barqarorlik” mavzusidagi konferensiyada ma’ruza o‘qidi va Markaziy Osiyoda siyosat, iqtisod va xavfsizlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Uchrashuv natijasida Södertorn universiteti bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari hamda 2025-yil bahorida Shvetsiya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi va qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish ko‘rib chiqildi.
Norvegiyada A.Umarov Norvegiya xalqaro munosabatlar institutida Yevrosiyoda iqlim o‘zgarishi, energetika rivojlanishi va yangi texnologiyalarga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi. Markaziy Osiyoda energetika sohasini rivojlantirish hamda Afg‘oniston bilan o‘zaro hamkorligi doirasida Qo‘shtepa kanalining qurilishiga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv natijasida 2024-yil kuzida o‘zbekistonlik va norvegiyalik ekspertlar ishtirokida iqlim va energetika masalalariga bag‘ishlangan onlayn tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirlar JIDUning xalqaro akademik va siyosiy muloqotdagi faol ishtirokidan hamda yetakchi xalqaro tadqiqot markazlari bilan hamkorligi rivojlanayotganidan dalolat beradi.