Tashqi ishlar vazirligi vakili JIDUda xalqaro ta’minot zanjirlari xavfsizligi bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi
Tashqi ishlar vazirligi vakili JIDUda xalqaro ta’minot zanjirlari xavfsizligi bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi
Joriy yilning 8-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishi magistrantlari uchun xalqaro ta’minot zanjirlari xavfsizligi bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Unda Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulaziz Abdug‘aniyev ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
U tinglovchilarni ta’minot zanjiri tushunchalari, ularning xavfsizligi, xavf-xatarlari va ularni bartaraf etish choralari, shuningdek, ta’minot zanjirining mikroiqtisodiy va makroiqtisodiy jihatlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, xalqaro ta’minot zanjiri va global ta’minot zanjiridagi zamonaviy masalalar bo‘yicha tushunchalar berdi.
Ma’ruzachining so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy vaziyat murakkablashgani sari barcha mamlakatlar uchun ta’minot zanjiri muammolarining yangi turlari paydo bo‘ladi va buning natijasida iqtisodiy va moliyaviy inqirozlar xavfi ortadi.
A. Abdug‘aniyev kutilmagan va qiyin sharoitda noan’anaviy qarorlar qabul qilishga majbur qilgan Covid-2019 pandemiyasi davrida global ta’minot zanjiridagi keskinliklar haqida gapirdi.
Diplomat mavzu bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga boy, amaliyotdan misollar keltirgan holda juda qiziqarli mahorat darsi o‘tkazdi. Ma’ruza davomida xalqaro ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan bevosita bog‘liqligini alohida ta’kidladi. Ta’minot zanjirlarini himoya qilish va ularning tashqi inqirozlarga nisbatan zaifligini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishga, sanoat rivojlanishiga, innovatsiyalar va infratuzilmaga, mas’uliyatli iste’mol qilish va ishlab chiqarishga yordam beradi.
Xulosa o‘rnida A.Abdug‘aniyev davlatlar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar BMT tavsiyalariga amal qilgan hamda xatarlarni kamaytirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda faol hamkorlik qilsa, global logistika yanada barqaror va ekologik toza bo‘lishi mumkinligini e’tirof etdi.