JIDU vakillari O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi xodimlari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi
JIDU vakillari O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi xodimlari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yilning 5-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi xodimlari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Til ta’limi markazi direktori hamda “Xalqaro munosabatlar”, “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro iqtisod”, “Tizim tahlili va matematik modellashtirish”, “Xalqaro moliya va investitsiyalar”, “Xalqaro iqtisod”, “Xalqaro huquq va jamoat huquqi fanlari”, “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq” va “Ingliz tili” kafedralari vakillari, Elchixona tomonidan – Madaniyat va ta’lim masalalari bo‘yicha attashe Jasur Valiev va Boburxon Ziyamov ishtirok etdilar.
Muhokama chog‘ida Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan diplomatlar hamda JIDU talabalari va o‘qituvchilari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Onlayn yig‘ilish kun tartibidan “Barqaror rivojlanish bo‘yicha global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini kuchaytirish va ishlarni faollashtirish” 17- maqsadini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar va bu yo‘nalishda tomonlarning hamkorligi ham o‘rin olgan.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida faoliyat yuritayotgan diplomatlar bilan uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 23 iyuldagi PQ-330-son qarori ijrosi va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik qilish doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar konstruktiv hamkorlikning yo‘nalishlarini, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik rejalarini belgilab oldilar.