JIDU va Britaniya Kengashi IELTS dasturi boʻyicha hamkorlikka erishdi
JIDU va Britaniya Kengashi IELTS dasturi boʻyicha hamkorlikka erishdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Britaniya Kengashi JIDUda IELTS roʻyxatga olish markazi ochish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Mazkur hujjat joriy yilning 25-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Denis Uoddingem o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Uchrashuvda S.Safoyev O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganishga katta qiziqish va bu borada yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochilayotganiga e’tibor qaratdi.
“O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu turkumda ingliz tilini o‘rgatish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, chunki u turli sohalarda professional o‘sish uchun katta istiqbollarni ochadi”, - dedi u.
O‘z navbatida, Denis Uoddingem JIDU rahbariyatiga ta’lim loyihalarini, jumladan, Britaniya Kengashini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
“Biz Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining imkoniyatlarini yuqori baholaymiz va bu yerdagi IELTS ro‘yxatga olish markazi muvaffaqiyatli ishlashiga ishonamiz”, - dedi u.
Imzolangan kelishuvga ko‘ra, JIDU Britaniya Kengashining IELTS hamkorlik dasturi a’zosi maqomini oladi. Dastur JIDU xodimlari uchun treninglar o‘tkazadi, ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun videolar, podkastlar, onlayn kurslar, amaliyot testlari va mobil ilovalar kabi bepul raqamli resurslarni taqdim etadi.
Hujjatni imzolash marosimida JIDU Executive Education fakulteti dekani Bahrom Salahitdinov va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi imtihon faoliyati rahbari Andrey Maksakov ham ishtirok etdi.