JIDU va Mons universiteti hamkorlikni rivojlantirmoqda
JIDU va Mons universiteti hamkorlikni rivojlantirmoqda
Joriy yilning 29-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Mons universiteti (Belgiya) xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor maslahatchisi Marta Bonet Bofill boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda JIDU birinchi prorektori Odil Yusufjonov, rektor maslahatchisi Amanbay Turdimatov va Roman-german tillari kafedrasi mudiri Vasila Mamatqosimovalar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, xususan, til oʻrganish sohasida talabalar almashinuvi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, har ikki universitetning taqdimoti bo‘lib, unda erishgan yutuqlari, ta’lim dasturlari xususiyatlari va istiqboldagi rejalari taqdim etildi.
Tomonlar hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish va sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini aniqlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Ma’lumot uchun. Mons universiteti (UMONS) Belgiyaning Mons shahrida joylashgan universitetdir. U-Multirank reytingining eng yaxshi 100 taligi va QS World University Rankingning eng yaxshi 150 taligidan joy olgan. Universitet dunyoning 300 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi.