JIDUda Markaziy Osiyoning transformatsiyalar davridagi muammolari va imkoniyatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
JIDUda Markaziy Osiyoning transformatsiyalar davridagi muammolari va imkoniyatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davridagi xavf-xatarlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq yetakchi tahliliy markazlari rahbarlari va yetakchi ekspertlari, jami 20 mamlakatdan 40 dan ziyod xorijiy delegatlar ishtirok etdi.
Tadbirni SMTI direktori Eldor Aripov ochar ekan, “Yangi Markaziy Osiyo qisqa vaqt ichida o‘z imidjini butunlay ijobiy tomonga burgan mintaqa” ekanligini alohida ta’kidladi.
“Bugun mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyoning zamonaviy qiyofasini oʻzgartirish, uni yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish mumkin boʻldi. Davlatlarimiz mintaqaning umumiy kelajagi, uning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini namoyon etib, tashqi tahdidlarga chidamli noyob mintaqaviy modelni yaratdi”, — dedi E.Aripov.
JIDU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov Markaziy Osiyo tarixan savdo, madaniyat va diplomatiyaning bog‘lovchi bo‘g‘ini bo‘lib kelganini ta’kidladi. Mintaqadagi o‘zgarishlarning ijtimoiy jihatlari haqida gapirar ekan, u shunday ta’kidladi: “Aholining salmoqli qismini tashkil etuvchi Markaziy Osiyo yoshlari kelajagimiz kalitini ushlab turibdi. Ularning intilishlari, ijodkorligi va salohiyatini ta’lim va imkoniyatlarni kengaytirish orqali rivojlantirish kerak”.
Ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2024-yil 9-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 6-Maslahat uchrashuvida ilgari surgan Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbusiga alohida e’tibor qaratdilar.
Oʻzbekiston rahbarining Markaziy Osiyo taʼlim va akademik almashinuv dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashabbuslari, shuningdek, mamlakatlarimizning yetakchi universitetlari diplomlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitimning dolzarbligi taʼkidlandi.
Ekspertlar yoshlar va talabalar uchun ta’lim almashinuv dasturlarini ishlab chiqish muhimligini ham ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, yagona axborot, madaniy-ma’rifiy makon yaratish istiqbolli yo‘nalish ekani aytib o‘tildi.