JIDUda Renmin Universiteti qoshidagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo markazi direktor o‘rinbosarining mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Renmin Universiteti qoshidagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo markazi direktor o‘rinbosarining mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Renmin Universiteti qoshidagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo markazi (Xitoy Xalq Respublikasi) direktor o‘rinbosari Lyu Syuyning mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. JIDU “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida janob Lyu Syuy o‘zining xalqaro munosabatlar, tashqi siyosat sohalariga oid tajribasi va bilimlari bilan bo‘lishdi. Xususan, Xitoyning joriy energiya siyosati, uning tashqi energo-siyosiy tashabbuslari, Xitoy-Sharqiy Yevropa-Rossiya hamda Xitoy-Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda energetika sohasining tutgan o‘rni haqida batafsil to‘xtaldi.
Shuningdek, olim o‘z ma’ruzasi davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Xitoyning sa’y-harakatlari, 2030-yilgacha mamlakatning o‘z oldiga qo‘ygan taraqqiyot strategiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan manfaatli hamkorlik munosabatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida, Lyu Syuy talabalarning barcha savollariga javob berib, kelgusida Xitoy-Markaziy Osiyo hamkorlik munosabatlari rivoji uchun muhim amaliy fikrlarini bayon etdi. Iqlim o‘zgarishi, noan’anaviy tahdidlar, global inqirozlarga qarshi hamjihatlikda hamkorlik qilishga chorladi.