Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Karyera kuni tashkil etildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Karyera kuni tashkil etildi
19-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa yetakchi vazirlik va idoralar ko‘magida mamlakatimizning eng yirik ish beruvchilari ishtirokida “Karyera kuni” (Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi) tashkil etildi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad universitet talabalari va bitiruvchilariga ishga joylashishda ko‘maklashish hamda ish beruvchi kompaniyalarga malakali istiqbolli yosh mutaxassislarni tanlashda ko‘maklashishdan iborat.
JIDU tomonidan bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbir davomida davlat tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vakillari universitet bitiruvchilari va talabalari orasidan mutaxassislarni ishga joylashtirishlari uchun tanlashlari mumkin.
“Universitetimizning asosiy vazifasi mamlakatimizning koʻplab nufuzli tarmoqlariga yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. Har yili o'tkaziladigan “Karyera kuni” talabalar va ish beruvchilarga bir-birlari bilan tanishish, dastlabki fikrlarni shakllantirish va aloqa ma’lumotlarini almashish imkonini beradi. Kelgusida manfaatdor tomonlar bilan kelishib, bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha masalalarni hal etishlari mumkin”,- dedi tadbirni ochib bergan universitet rektori Sodiq Safoyev.
Tadbirda vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari, konsalting va auditorlik firmalari, tijorat banklari, sug‘urta va telekommunikatsiya kompaniyalari kabi 75 dan ortiq tashkilot vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank, MITSA, “Uzavtomotors”, “Artel”, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd”, “Veolia Energy Tashkent”, “UzCard”, “SOF group” va boshqalar. .
Tadbirga JIDU bitiruvchilari uyushmasi va O‘zbekiston-Xitoy “Chinwakil” mas’uliyati cheklangan jamiyati homiylik qildi.
Tadbir doirasida o‘ziga xos bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etilib, unda taklif etilgan tashkilot va muassasalar vakillari universitet bitiruvchilari va talabalarini o‘z korxonalarida ishlash imtiyozlari va shartlari, shuningdek, vaqtincha va doimiy ish uchun kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari bilan tanishtirdi.
Mazkur “Karyera kuni” natijasida ko‘plab bitiruvchilar ish beruvchilar bilan suhbatga taklifnoma oldilar, yuqori malakali mehnat kadrlarini tayyorlashdan manfaatdor bo‘lgan qator korxonalar universitet bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.