JIDUda “Ona tilim – millat g‘ururi” nomli tadbir o‘tkazildi
JIDUda “Ona tilim – millat g‘ururi” nomli tadbir o‘tkazildi
Joriy yilning 21-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ona tilim – millat g‘ururi” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi va unda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupdjanov kirish nutqi bilan ochar ekan, unda O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan JIDUda o‘zbek tili oyligi doirasida esselar, videorolik va ommaviy diktant tanlovlari o‘tkazilganidan maqsad ona tiliga ehtirom tuyg‘usini yuksaltirish, uni asrab-avaylash mas’uliyatini oshirishdan iborat ekanligini ta’kidladi. O‘zbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat ekanligini, lekin shu bilan bir qatorda, davlat tilini yanada takomillashtirishimiz uchun oldimizda qator vazifalar turganini aytib o‘tdi.
Bayram doirasida davlat tilini bilishning ahamiyati haqida videorolik namoyish etildi. Videorolikda o‘zbek tilining go‘zalligi va boyligi, o‘ziga xos uslubi va madaniy merosni asrab-avaylashdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Shundan so‘ng universitet talabalari o‘zbek madaniyati va tilining turli qirralarini yorqin namoyon etgan mavzuli syujetlarni namoyish etdilar. Ular tilning avlodlarni qanday bog‘lashini va milliy o‘zlikni ifodalashga yordam berishini yaqqol ko‘rsatdi.
Tadbir davomida o‘zbek tilini bilish bo‘yicha viktorina ham bo‘lib o‘tdi va unda ishtirokchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazib, bilimlarini kengaytirdilar.
Bayramning yakunida yorqin milliy raqs ijrosi bo‘lib, tadbirga shodlik va O‘zbekiston madaniy merosidan faxrlanish muhitini qo‘shdi.
Ma’lumot uchun. Joriy yilning oktabr oyida JIDU O‘zbek va rus tillari kafedrasi tomonidan o‘zbek tili oyligi e’lon qilinib, qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, universitet talabalar o‘rtasida www.tilbilig.uz platformasi orqali “Ommaviy diktant” aksiyasi, “Ona tilim - sen ruhimning qanoti” mavzusidagi videoroliklar tanlovi, “Globalizatsiya va milliy tillar (Ona tilim taqdiri o‘z qo‘limda)” mavzusida esselar tanlovi, shuningdek, universitet xodimlari o‘rtasida “Eng savodxon xodim“ diktant tanlovi o‘tkazildi.