JIDU vakillari “TALENTforBIZ” tadbirida ishtirok etishdi
JIDU vakillari “TALENTforBIZ” tadbirida ishtirok etishdi
Joriy yilning 19 oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Karyera markazi xodimlari Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida tashkil etilgan TalentforBIZ tadbirida ishtirok etishdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Inson resurslari boshqarmasi homiyligida 2019-yildan buyon amalga oshirilayotgan TalentforBIZ loyihasi ish beruvchilar va istiqbolli yoshlarni muhim xalqaro markazlarda birlashtirish, ularning martaba o‘sishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Tadbir ochilishda o‘zbek yoshlari bilan xalqaro turk kompaniyalari o‘rtasida ko‘prik yaratish, oliy o‘quv yurtlari talabalari va bitiruvchilari uchun har ikki davlatda ham keng yo‘nalishdagi kasb-hunar egallash imkoniyatlarini yaratishga qaratilgani ta’kidlandi. Bu imkoniyatlar ishga joylashish, amaliyot va ta’lim dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Tadbirda Turkiyaning “Aselsan”, “Halkbank”, “Turk Airlines” kabi taniqli kompaniyalari hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Turkiya korxonalari, jumladan “Chalık Enerji”, “Koç İnşaat”, “Kontrolmatik” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Bu yerda karyera rivojlanishi bilan bog'liq axborot sessiyalari, intervyular va muhokamalar bo'lib o'tdi.
Forum davomida JIDU xodimlari bir qator yetakchi kompaniyalar vakillari bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish, stajirovka va bandlikni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish Turkiyaning “Qobiliyat Eshigi” raqamli karyera platformasi orqali amalga oshirilmoqda, u tez orada O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlari talabalari va bitiruvchilariga martaba xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu platforma orqali TalentforBIZning Toshkentdagi intervyularida ishtirok etish uchun ariza topshirishingiz mumkin. Ishtirokchilar oʻz koʻnikma va malakalarini ish beruvchilarga yanada aniqroq taqdim etish uchun “Qobiliyat eshigi” orqali oʻzbek, turk va ingliz tillarida oʻz profillarini toʻldirishlari tavsiya etiladi.
Turkiya vakillari ta’kidlaganidek, inson resurslari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistondan keyin TalentforBIZ Bosniya va Gertsegovina, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham o‘tkaziladi.