JIDUda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini bilan uchrashuv
JIDUda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini bilan uchrashuv
Joriy yilning 24 sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tadbirda Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinna, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, shuningdek, JIDU rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev Italiya delegatsiyasini qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik sheriklik va ko‘p qirrali munosabatlar ustuvor yo‘nalishlarda kengayib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, JIDU va Italiyaning yetakchi universitetlari o‘rtasida akademik almashinuvni faollashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. S.Safoyev, shuningdek, kelgusida ikki davlat oliy o‘quv yurtlari ilmiy tajribasini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladigan qo‘shma ilmiy loyihalar yaratish taklifini bildirdi.
O‘z navbatida, A. Bernini kelgusida talabalarning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy bilimlarini chuqurlashtirish, malakasini oshirish uchun yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir davomida JIDU va Italiya universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuv dasturlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, ilmiy konferensiya va seminarlar o‘tkazish, shuningdek, maxsus talabalar malakasini oshirish kurslarini tashkil etishni nazarda tutuvchi shartnomalar tuzishni rejalashtirgan.
Tadbir so‘ngida JIDU talabalari italyan tilida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti haqida taqdimot qilishdi, unda JIDU va Italiya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik haqida ma’lumotlar berildi.