Sodiq Safoyev yana bir xalqaro kuzatuvchi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Sodiq Safoyev yana bir xalqaro kuzatuvchi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yilning 8-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Fan, taʼlim va madaniyat masalalari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Umaxanov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi qo‘mita raislari va senatorlari V.Timchenko va A.Salpagarov ham ishtirok etdi.
I.Umaxanov bo‘lajak siyosiy tadbir muhimligiga urg‘u berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonining tashkiliy saviyasini yuqori baholadi. Muddatidan ilgari tashkil etilayotgan Prezidentlik saylovini o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Parlamentlararo hamkorlikni, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, ikki mamlakat parlamentlari palatalari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi. Bir qator rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar xususida fikr almashildi.