JIDUda Filippindagi universitetlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
JIDUda Filippindagi universitetlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 18 sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Filippin tashqi ishlar departamenti kotibi Ikki tomonlama hamkorlik va ASEAN ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mariya Theresa. P.Lazaro boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Oliy martabali diplomatlarni o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov va ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Gulnoza Ismailovalar kutib oldi.
Uchrashuvda ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha Filippining ko‘p yillik tarixga ega universitetlari va JIDUning Markaziy Osiyodagi tajribasidan foydalanish takliflari ko‘rib chiqildi.
M.Theresa P.Lazaro Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda ASEAN modelidan foydalanish va bunda ta’limni asosiy ko‘prik qilib olish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, A.Umarov universitet tomonidan ASEAN modeli masalasida huquqiy yordam va maslahatlar ko‘rsatish bo‘yicha ilmiy ish olib borayotgan izlanuvchilar mavjudligi ularning ilmiy izlanishlari esa mintaqaviy va o‘zaro integratsiyada foydali bo‘lishi mumkinligi haqida gapirib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida Filippin delegatsiyasi rahbari JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalarga “Prezident Kichik Ferdinand Markos davrida Filippinning milliy manfaatlarga muvofiq mustaqil tashqi siyosati” mavzusida ma’ruza qildi.