JIDU va Milliy tadqiqot universiteti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
JIDU va Milliy tadqiqot universiteti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
Joriy yilning 23 avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Hujjatni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev va TIQXMMI rektori Bahodir Mirzayev imzoladi.
S.Safoyev oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik ilmiy tadqiqotlar va ta’lim dasturlari uchun yangi imkoniyatlarni ochayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, B.Mirzayev oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida Memorandum imzolangani turli sohalarda, xususan, suv diplomatiyasi sohasida bilim va tajriba almashish uchun platforma yaratish yo‘lidagi muhim qadam ekanini aytib o’tdi.
Erishilgan kelishuv doirasida tomonlar suv diplomatiyasi bo'yicha magistrlik dasturini ishlab chiqishda faol hamkorlik qilish masalasi ko‘rilmoqda, bu esa suv resurslarini boshqarish va xalqaro hamkorlik sohasidagi dolzarb muammolarni samarali hal eta oladigan mutaxassislarni tayyorlashga imkon beradi.
Bundan tashqari, Memorandumda suv diplomatiyasi boʻyicha qoʻshma markaz tashkil etish koʻzda tutilgan. Tomonlar, shuningdek, tadqiqotchilar, o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.