JIDU Yaponiya universitetlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda
JIDU Yaponiya universitetlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda
Joriy yilning 8-11-iyul kunlari JIDU birinchi prorektori A.Umarov va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Mexriniso Abdurasulova Yaponiyaga mamlakat universitetlari bilan akademik aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashrif buyurdilar.
8-iyul kuni JIDU vakillari Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabi prorektori Kazuxito Kavakita hamda Osiyo sputnik kampuslar instituti (ASCI) direktori Akine Amauchi bilan qo‘shma PhD dasturlari hamda ilmiy loyihalar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini muhokama qildi.
A. Umarov Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti professor Xaruo Saburi bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar sunʼiy intellektni taʼlim jarayoniga integratsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, talabalarga sunʼiy intellekt sohasida ishlash va uni xalqaro iqtisodiyot va menejmentda qoʻllash boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish imkonini beruvchi kompleks dastur yaratish masalalari muhokama qilindi.
9-iyul kuni JIDU vakillari Tsukuba universitetiga tashrif buyurib, professor Ikeda Jun, Gumanitar va ijtimoiy fanlar instituti rahbari professor Tosinobu Usuyamava professor Timur Dadabayevlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishdi. Uchrashuvlar yakunida Nippon jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan qo‘shma diplom dasturi bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu dastur magistratura talabalarga ikkala universitetda magistrlik darajasini olish imkonini bergan holda, ularning ilmiy va kasbiy istiqbollarini kengaytirishga xizmat qiladi.
10-iyul kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Tsukuba universitetida “Markaziy Osiyo plus Yaponiya” muloqoti doirasida birgalikda innovatsiyalarni yaratish va ilgari surish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etishdi. JIDU birinchi prorektori A.Umarov “O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida fan, ta’lim, madaniy almashinuv va turizm sohalaridagi hamkorligi” mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ushbu sohalardagi munosabatlarning bugungi holati to‘g‘risida ma’lumotlar berib, hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. Shuningdek, bu yerda O‘zbekiston tahlil markazlari va Tsukuba universiteti mutaxassislari ishtirokida “Yaponiya-O‘zbekiston” davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
11-iyul kuni Yaponiya xalqaro munosabatlar institutida “O‘zbekiston-Yaponiya ekspert muloqoti: yangi sharoitda strategik sheriklik” davra suhbatibo‘lib o‘tdi, unda ikki davlat tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
Shu kunning o’zida A.Umarov Tokiodagi Nippon jamg‘armasining bosh ofisiga tashrif buyurib, ijrochi direktor Yuji Mori bilan 7- va 8- avgust kunlari “O‘zbekistonda oliy ta’lim transformatsiyasi: Yaponiya bilan hamkorlikda global mukammallik va innovatsiyalar sari” mavzusida bo‘lib o‘tadigan seminar tafsilotlarini muhokama qilishdi.
Tashrif yakunlari JIDUning Yaponiyaning nufuzli universitetlari va Nippon jamg‘armasi bilan hamkorligi ularning oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga intilishi umumiy ekanligini ko‘rsatayotganining yana bir dalili bo‘ldi.