![JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi](/static/images/pexels-photo-4846461.jpeg)
JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
![JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi](https://api.uwed.uz/uploads/article/o9dyV0vHJQCxxeSbVuEpfNHF2hTBJXnCuIIU8iNY.jpg)
2025 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Turizm tashkilotining (UN Turism) Madriddagi bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori S. Safoev, Turizm qo‘mitasi raisi U. Shadiyev hamda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi F. Tursunov ishtirok etdilar.
BMT Turizm tashkiloti tomonidan muzokaralarda Bosh kotib Z. Pololikashvili, shuningdek, ijrochi direktorlar N. Bayona, Z. Uroshevich va Liu Shijun qatnashdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, bu hamkorlikni amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligiga to‘xtalib o‘tdilar. Katta e’tibor BMTning “2027 yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rezolyutsiyasini amalga oshirish va turizm sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlashda ta’limning o‘rni masalalariga qaratildi. BMT Turizm vakillari mehmondo‘stlik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning ahamiyatini ta’kidlab, O‘zbekiston hukumatining ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholadilar.
Uchrashuvning muhim natijasi sifatida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Turizm tashkiloti o‘rtasida ikki hujjat imzolandi: Anglashinuv memorandumi va JIDU talabalarining BMT Turizm tashkilotida amaliyot o‘tishini tashkil etish bo‘yicha Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv.
Hujjatlar tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning barqaror turizm sohasidagi salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ular JIDUning institutsional va professional imkoniyatlarini rivojlantirish, ilg‘or tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik mobillik dasturlarini ilgari surishni nazarda tutadi, bu esa barqaror turizm sohasida bilim almashish va madaniy aloqalar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, turizm sohasidagi malaka va bilimlarni oshirishga qaratilgan sifatli o‘quv va trening dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.