Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida energetika masalalari bo‘yicha xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida energetika masalalari bo‘yicha xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Energetik o‘tish davri: O‘zbekiston uchun saboqlar” nomli xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi tashabbusiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalari bilan hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, yoqilg‘i-energetika kompleksi, energetika xavfsizligi va mintaqaviy diplomatiya sohalari mutaxassislari hamda JIDU professor-o‘qituvchilar, talabalar va doktorantlar ishtirok etdi.
Kun tartibidagi asosiy masala 2020-2030-yillarda energetikani yanada rivojlantirish milliy rejasining strategiyasi va ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat edi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, nafaqat mamlakat aholisining o'sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish, balki iqtisodiyotda belgilangan yuksak marralarni zabt etish va O‘zbekistonning gullab-yashnashi ham energetika sohasini rivojlantirishga bog‘liqligini ta'kidladi.
“Bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar qatorida “yashil energiya” ham bor, uning doirasida ko‘plab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Muhimi, energetika sanoati samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir”, – dedi S.Safoyev.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘z nutqida mamlakat rahbariyati tomonidan 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanadigan energiya quvvatini yaratish va uning energiya balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishga qaratilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Muhokama chog‘ida ishtirokchilar an’anaviy energiya manbalariga bo‘lgan yuqori talabni hisobga olgan holda, uni to‘liq amalga oshirish uchun uzoq muddatli va barqaror sa’y-harakatlarni talab qiladigan “yashil energiyaga o‘tish” global intilish kontekstida O‘zbekistonning rolini o‘rganib chiqdilar. Energiya almashinuvining oraliq bosqichida, qayta tiklanadigan manbalar hali an’anaviy manbalarni to‘liq almashtira olmaydigan davrda ishonchli va barqaror energiya ta’minotini ta’minlashning potensial yechimlari va strategiyalarini aniqladilar. Infratuzilma va texnologiyalarga vaqt va katta sarmoyalarni talab qiladigan yangi texnologiyalarni integratsiyalash va muqobil manbalarga o‘tish, shuningdek, mavjud energiya tizimini bosqichma-bosqich moslashtirish muhimligini ta’kidladilar.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston Rahbariyati va hukumati energetika kompleksiga alohida e’tibor qaratayotgani, uni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy omili sifatida e’tirof etishi hamda sohani chuqur modernizatsiya va o‘zgartirish, jumladan, geologiya-qidiruv va o‘zlashtirish, yangi maydonlar va mavjud resurslardan foydalanishni optimallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
JIDUdagi uchrashuv energetika sohasidagi taraqqiyot va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, bilimlarni tahlil qilish va almashish uchun samarali platformaga aylandi.