Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dissertatsiya himoya qildi
Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dissertatsiya himoya qildi
Joriy yilning 23-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq Favqulodda va Muxtor elchisi, hozirda ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Xisang Kimning yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilindi.
Diplomatning ilmiy ishi mavzusi “Xalqaro savdoni tartibga solish tizimining istiqbolini baholash: Jahon savdo tashkiloti (JST) va mintaqaviy savdo bitimlari”. Mazkur dissertatsiya yuridik fanlar doktori, professor G.Ismailova ilmiy rahbarligi ostida amalga oshirildi.
Mintaqaviy savdo shartnomalari zamonaviy savdo menejmentining muhim jihati bo'lib, JSTga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va savdoni osonlashtirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Dissertatsiyada JST doirasida mintaqaviy savdo bitimlarini boshqarishni takomillashtirish va xalqaro savdoni yanada samarali va adolatli tartibga solishga ko'maklashish bo‘yicha amaliy siyosat tavsiyalari keltirilgan. Dissertatsiya, shuningdek, savdo shartnomalarini ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtiroki va korxonalarga ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida yanada samarali foydalanish strategiyasini ishlab chiqish usullarini o‘rganib chiqdi.
Dissertatsiyaning muhim jihati Koreyaning savdoni liberallashtirish va nizolarni hal etish mexanizmlari bo‘yicha tajribasi kabi amaliy misollar tahlili ishning kuchli tomonlaridan biridir.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida janubiy koreyalik yuqori martabali diplomat tomonidan dissertatsiya himoyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanib borayotganining yana bir dalili bo‘ldi.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasini Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida ko‘maklashib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhga Koreya Respublikasining Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakillari raislik qilgan.