“Raqamli boshqaruv va SMART universitetni tashkil etishda Yaponiya tajribasi” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi
“Raqamli boshqaruv va SMART universitetni tashkil etishda Yaponiya tajribasi” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 21-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Raqamli boshqaruv va SMART universitetni tashkil etishda Yaponiya tajribasi” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi tadqiqot markazi hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi loyihasi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yaponiya axborot texnologiyalari federatsiyasi direktori, professor Toshiaki Tateishi ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida bugungi kunda raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislarga bo‘lgan talab naqadar yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u ta’lim sohasida shaffoflikni ta’minlash uchun yaxlit elektron tizim shakllantirilishi lozimligiga alohida e’tibor qaratdi.
Professor Tateishi ayni damda dolzarb mavzuga aylangan sun’iy intellekt borasidagi o‘z qarashlarini ham bayon etdi. Uning fikricha, talabalar uchun axborot bazasini yaratish, ularning bilimini baholash kabi vazifalarni sun’iy intellektga ishonib topshirish mumkin.
Seminarda JIDUni “SMART universitet” konsepsiyasi asosida isloh qilish jarayonida Yaponiya tajribasidan faol foydalanish masalasi ko’rib chiqildi.
“Biz O‘zbekiston bilan raqamli texnologiyalar, ayniqsa, ulardan ta’lim sohasida foydalanish borasida tajriba almashish va yaqin hamkorlik qilishga tayyormiz”, – dedi Yaponiya axborot texnologiyalari federatsiyasi direktori.
Ma’ruzasi yakunida professor Tateishi talabalarning ko‘plab savollariga atroflicha javob berdi.